08:37 / 18.05.2010 · Кутубхона
Mirzo Tursunzoda (1911 - 1978)

Tojik adabiyotining atoqln arbobi, mashhur shoir va dramaturg Mirzo Tursunzoda Tojikistonning Shahrinav rayoniga qarashli Qoratog‘ qishlog‘ida duradgor oilasida dunyoga keldi. Dastlab u qishloq maktabida o‘qidi. So‘ng Dushanba va Toshkentda o‘qib, oliy ma’lumot oldi.
Tursunzodaning ijodi 1929—1930 yillardan boshlandi. Iste’dodli lirik shoir shu vaqtgacha o‘nlab she’riy to‘plamlarini, «Xazon va bahor» (1937), «Vatan o‘g‘li» (1942),
«Hasan aravakash» (1960), «Jonginam» (1961) kabi dostonlarini nashr ettirdi.
Dramaturg M. Tursunzoda «Vose qo‘zg‘oloni» (1939) (shoir Dehotiy bilan hamkorlikda yozilgan), «Tohir va Zuhra» (1944), «Kelin» (1947) librettolarini yaratib, tojik xalqining o‘tmishi va hozirgi kunini realistik tasvirladi, xalqlar do‘stligini kuyladi.
Mirzo Tursunzoda Tojikiston yozuvchilar soyuzining raisi vazifasida ishlagan. U Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi. O’zining «Hindiston qissasi» she’riy turkumi uchun Davlat mukofotiga, «Osiyo ovozi» va «Hasan aravakash» asarlari uchun Lenin mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Tursunzodaning she’r va dostonlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr ettirildi.

OZOD SHARQDAN MEN

Do‘stim, nega holing buncha parishon,
So‘zlaring aytilmay qoldimi pinhon?
Nega, nega so‘lg‘in nigoh tashlaysan,
Menga hasad bilan qaraysan ba’zan,
Tug‘ilgan o‘lkangda, shahringda zotan
Menga o‘xshashlarni ko‘rmaganmisan?
Chuqur qarashingda qanday ma’no bor,
Ne uchun xayoling buncha beqaror?
Dono boqishingning ma’nosi, balki
Bilmoqdir: ne ekan sen va men farqi?
Ne uchun men g‘olib va boshim baland?
Nega sen bechora qayg‘ularga band?
Ne uchun menga yor doim saodat?
Senga faqat xayol surishdir odat?
Nega men uchaman qushday osmonda?
Sen azob chekasan qora zindonda?
Nigohing ma’nosi kenglikda kitob,
Tingla!
Javobini qaytaray shu top:
Sen ham men singari, odamsen,
Odam.
Bu jihat mendan hech emasdirsan kam.
Sen ham ulug‘ Sharqning haqiqiy o‘g‘li,
Qadim el farzandi ekaning to‘g‘ri!
Sening o‘lkangda ham har sahar yuvosh
Ufqdan jilmayib chiqadi quyosh.
Sening o‘lkangda ham bahor kuladi,
Tabiat jamoli nurga to‘ladi.
U bahor quyoshi sochsa-da ziyo,
Umidlar daraxti ko‘karmas aslo;
Undan mehnat ahli ko‘rmaydi rohat,
Zolimlar cho‘ntagi to‘ladi faqat.
Bu xilda yashashlik sen uchun ofat,
Kelgindilar esa topadi rohat.
Mening diyorimda o‘zgacha bahor —
Bahorki, er-ayol yashar baxtiyor.
Tabiat yashnab, gul ochilishidan,
Ko‘katdan turli hid sochilishidan,
Daryo, soylar to‘lib mavjlanishidan,
Qushlarning sayrashi avj olishidan
Go‘zalroq bahor bor — mehnat bahori,
Elim qozongan shon-shavkat bahori.
Bog‘laru chamanlar gullar muttasil,
Paxtamiz, g‘allamiz berar mo‘l hosil,
Farovon bo‘ladi elning hayoti,
Balandroq kuylanar mehnat bayoti.
Bahor —
Bu traktor guldurosidir,
Mehnat ahllarin shod sadosidir,
Baxtiyor bolalar bosgan qadamdir,
Muhtasham maktabu kitob, qalamdir.
Shundadir sen bilan mening farqimtsch!
Shunday farq qiladi ikki Sharqimiz!
Asrlar davomi senga ortib g‘am,
Sharqingni toptarlar misoli gilam.
Do‘st niqobin kiyib, bosib yeringni,
Shilib oladilar qotgan teringni.
Sen esa tiriklik — ro‘zg‘or g‘amin yeb,
Bahordagi qorday ketasan erib.
Kunu tun vahshiyday ochko‘z tekinxo‘r
Yeringdan don yig‘ib, qiladi huzur.
Nyu-Yorklik, londonlik zolimlar mudom
Xalqingga qiladi ajalni «in’om».
Shu sabab ko‘zingda tinmaydi yoshing,
Baland ko‘tarilmas g‘am bosgan boshing.
Mening Sharqim esa egmasdan bo‘yin,
Topdi balolardan qutulish yo‘lin.
Xalqlar bir-biriga mehribon bo‘ldi,
Bir Vatan qo‘ynida jonajon bo‘ldi.
Bu yerda bir ulug‘ oila qurdik,
Xavfu xatarlardan butkul qutuldik.
Bu yerda insonning qadri balanddir,
Har narsa muattar, go‘zaldir, qanddir.
G’am, kulfat, azobni unutdi xalqim,
Saodat bog‘iga yo‘l tutdi xalqim.
Shundadir sen bilan mening farqimiz,
Shunday farq qiladi ikki Sharqimiz!
Mening otalarim oylar va yillar
Vatan deb og‘ir jang qilgan edilar.
Ular kurashdilar, bo‘lsin deb hayot,
Bo‘lsin deb saodat, iqbol va najot.
Sen endi kiribsan bu ulug‘ yo‘lga,
Ozodlik bayrog‘in olibsan qo‘lga.
Uzoq sabr qilding, chidading, og‘ir,
Endi sabr kosang to‘libdi oxir.
Kurash maydoniga chiqqan qahramon!
Bil, do‘stim, men senga sherik, yonma-yon.
Ishingga tilayman muvaffaqiyat,
Kunu tun men seni o‘ylayman faqat.
Shundadir sen bilan mening farqimiz!
Shunday farq qiladi ikki Sharqimiz!
1950

Ashirmat tarjimasi

OSIYO OVOZI

Osiyo gapirar, tinglang ovozin!
Jo‘shqin daryo mavjin, hayqiriq sozin!
Osiyo uyg‘ondi, uxlamas, uyg‘oq,
Bo‘ldi rostlik, do‘stlik u bilan o‘rtoq.
Hofiz she’rin eslang —
Sharq faryodini,
Chekkan nolasini, ohu dodini:
«Shabi toriku bimi mavju girdobe chunin hoil,
Kujo donand holi mo sabukboroni sohilho».*
Qorong‘i kechadan, to‘lqindan aslo
Shikoyat qilmagay endi Osiyo.
Do‘stlari qo‘l berib ahdu vafoga,
Boshini ko‘tarmakda yuksak fazoga.
Odamni tahqirlash zamoni o‘tdi,
Tunda tasbeh sanash zamoni o‘tdi.
Osiyoda biri biridan judo —
Emaslar xalqlar — qo‘shnilar aslo.
Mevadan mevaga bo‘lgandek payvand,
Qo‘shnidan qo‘shni ham olur yangi pand.
Eshitilmas edi Chinning sadosi,
X,indi qon yutardi, bo‘g‘iq nidosi.
Indoneziyaning xalqi edi och,
Bir siqim guruchga, baliqqa muhtoj.
Endi jabru sitam tubdan yo‘qolur,
Dengizlar suvida zanjir zang olur.
Birma yangi bog‘dek yashnab ko‘karar,
Sarandebda ishchi ovozi yangrar.
Osiyo!
Onamsan, mehribonimsan,
Mehring dilimda-yu, jonajonimsan.
Osiyoni kezdim, mengadir ayon
Avlodining yuzi gul kabi xandon.
O’tmish nishonasi ko‘zlarga manhus,
Nolirdi panjara ichida mahbus.
Ko‘rgazmani ko‘rdim men Xankuda ham,
Yodimdadir Chinda dehqon chekkan g‘am.
Ko‘z oldimda turar mazlumlar hali,
Dahshatli, haybatli xoqon haykali.
Ko‘rgazmada ko‘rdim necha bechora,
Yuz yillik eski to‘n yirtiq, yuz pora.
Dehqon yuragini yulib olganlar,
Bosh tortganni zindon ichra solganlar.
Doshda qaynatganlar o‘n yashar qizni,
Ko‘p ko‘rdim o‘tmishdan bu yanglig‘ izni.
Bu qizcha hali ham tirikdir, tirik,
Tongni kutib olur doim shafaqdek.
U Osiyo nuri, u Chin sadosi,
Olamga yoyilur uning nidosi:
«Vatan obi hayot ichmish, tirikman,
Baxt sari bormakda sabotli Vatan.
Hosil ko‘pligidan egilgan boshoq
Yayrashda, yashnashda men bilan o‘rtoq.
Yor-do‘stlarim bilan birga sayrayman,
Chin yangi yerida sayrab yayrayman.
Osiyo kuyiman, bu ulkan qit’a,
Balchiqdan qomatin rostlagan qit’a.
Jafokash, mehnatkash kuychisidirman,
Birgaman dengizchi, qo‘riqchi bilan.
Osiyo, Afrika bo‘lib bir so‘zlik,
Uz yuziga ochdi iqboldan eshik».
Osiyo so‘zlar Nil to‘lg‘onuvidan,
Billur qatrasidan, muzdek suvidan.
Nil uzoq yerlardan Misrga kelar,
Cho‘l qumlari unga yolvorib turar.
Yirik xatlar bilan Nilning maqtovin
Chanqoqlar yozmishlar, qilishib tahsin:
«Nil agar sarshor boshad labzanad, jo‘shad, damad,
Rizqi fallohon farovon, bahrashon oyad madad.
Nil agar xohad, Ba har kas medihad joxu jalol»**.
Misr eli-chun Nilsiz turmoq erur amri mahol!
To‘ylarda, motamda undagi ellar
Mehribon daryosi bilan so‘zlashar.
Bola orqalagan onalar kelib,
Unga sig‘inishar salomlar berib,
Bolamiz Nil kabi izchil bo‘lsin deb,
Jo‘shqin, aziz bo‘lsin, sof dil bo‘lsin deb.
Chanqoqlarga yordamlashib Assuan,
Suv yetkazib berar cho‘llarga Nildan.
Attahrib deganda arablar tili,
Istiqbol zavqidan quvonur dili.
Utmish og‘irligin ulug‘lar yozib,
Bizga qoldirganlar gavhardek tizib:
«Sad’iy biravu hayma ba gulzori digar zan,
K-in mevai bog‘i tu ba toroj rasidast».***
Uz mevasi bilan Sharq endi obod,
Chodirin quradi o‘z bog‘ida shod.
Sharq endi bog‘ini g‘oratdan saqlar,
Garmseldan, turli ofatdan saqlar.
Tun pardasin yorib chiqqandek quyosh,
Endi sir pardasini ochar Arslontosh.
Parda ko‘tarilgach, chaqnadi yashin,
Suvayshda xalq etdi
«Hayot!»—deb shovqin.
Shuning-chun Osiyo sadosi baland,
Shuning-chun uzildi zanjir va kamand.
Shuning-chun Dehliga tashladi odim
Osiyo yurtlaridan juda ko‘p xodim.
Shuning-chun Hindiston xotin-qizi ham
Peshana qizartdi, yoqdi mash’al, sham.
Shuning-chun maydondan o‘tishdi quvnoq
Go‘daklar, qo‘llarda gul va o‘yinchoq.
Sharqning,
Nilning,
Gangning tingladim sasin,
Yumshoq yer, chidamli toshlar nafasyn;
Shu onda qishlog‘im yodimga tushdi.
Zilol suv, irmog‘im yodimga tushdi.
Yuksalgan tog‘lari tushdi yodimga,
Qaynar buloqlari tushdi yodimga.
Suvi kiyikdan ham chaqqonroq yurar,
Tunda unda yulduz ko‘rinib turar.
Zulfin silkitmoqda majnuntol qator,
Elektr yog‘dusin sochmoqda Hisor.
Baxmaldek, ipakdek ziroati bor,
Cheksiz saodati, farog‘ati bor.
Otam ko‘rmagandi bu saodatni,
Farzandim ko‘rmakda bu farog‘atni.
Yurtim daryochasi to‘lqinlab oqar,
Ko‘ksiga ko‘k aksi yulduzlar taqar.
Moskva radiosi kuylagan chog‘da
Bolalar quvnashib o‘ynar qirg‘oqda.
Bu kichkina daryo jo‘shqin va g‘ayur,
Osiyo nahrlarin sadosi-la jo‘r.
Baxt yaratguvchilar bilan hamovoz,
Iqbol ijodchisi bilandir hamsoz.
Zo‘ravonlar g‘olib bo‘lishi mumkin,
Yot yerlarga sohib bo‘lishi mumkin.
Nahang baliqlarni changallay olur,
Irmoqlar dengizga tushib yo‘qolur,
Lekin irodani hech kuch bo‘g‘olmas,
Erksevarlar yo‘lin hech kim to‘solmas!
Erk!
Deb yangramoqda Osiyo sasi,
Qayna, ey Osiyo xalqin nafasi!

M. Muinzoda tarjimasi

___________
* Mazmuni: Tun qorong‘i, to‘lqin xavfi, girdob to‘sig‘i ko‘z oldimizda. Qirg‘oqdagi yuki yengil kishilar bizning ahvolimizni qayoqdan bilsinlar.
** Mazmuni: Nil suvi ko‘payganda limmo-lim bo‘ladi, jo‘shqinlanib toshadi, Dehqonlar rizqi oshadi, ular uchun yordam bo‘ladi. Nil agar xohlasa har kimga uy-joy va davlat beradi.
*** Mazmuni: Sa’diy, sen borib chodiringni boshqa gulzorga qur, chunki bu bog‘ning mezasi talon-torojga uchradi.